ANTROPOGEN OMILLARNING HASHAROTLARGA TASIRI

Inson oʻzining faoliyati tufayli tabiiy komplekslarni nihoyat darajada oʻzgartirib yuboradi. Tabiatning inson taʼsirida oʻzgarishi har qanday biotsenotik kompleksda ayrim turlarning koʻpayishi va boshqalarining gullab-yashnashi uchun noqulay sharoitlar tugʻdiradi. Turlararo yangi son nisbati yaratiladi, oziqa zanjirlari qayta oʻzgaradi, organizmlar oʻzgargan muhitda yashash uchun moslashadi.
Ekinlarni kiritish va madaniy oʻsimliklarni ekish, buning uchun esa daraxtzorlarni kundakov qilish yoki boʻz yerlarni shudgorlash natijasida oʻzlashtirilgan uchastkalarda hasharotlar uchun mutlaqo yangi yashash muhiti paydo boʻladi va ularning koʻpchiligi bunday sharoitda qirilib ketadi. Yerlarni haydash, boronalash, sugʻorish, mineral va organik oʻgʻitlash, botqoqliklarni quritish va boshqa tadbirlar natijasida tuproq muhiti tubdan oʻzgaradi; hasharotlarning koʻplab turlari moslashgan yovvoyi oʻsimliklar ildizi bilan yoʻqotiladi.

Boʻz yerlarni shudgor qilish, daraxtlarni kesish yoki ekish va yerni melioratsiyalash mikroiqlim sharoitlarini oʻzgartiradi. Ilgari qishloq xoʻjaligi uchun oʻzlashtirilgan yerlarda hayot kechirgan, ekiladigan yoki oʻtqaziladigan oʻsimliklarda koʻpaya oladigan hasharotlar uchun oziqaga boy boʻlgan imkoniyat yaratiladi, ayniqsa mikroiqlim va tuproq sharoitlari qulay boʻlganda ularning ommaviy rivojlanish uchun sharoit yaratiladi. Bu oʻz navbatida ularning yirtqichlari va tekinxoʻrlari uchun ham, yangidan hosil boʻlgan tuproq va mikroiqlimdagi oʻzgarishlarga taʼsir qilmaydigan yuqori tartibdagi tekinxoʻrlari uchun ham qulay sharoit yaratadi.

Misol tariqasida Oʻzbekistonda Jizzax va Rostovsevo temir yoʻl stansiyalari oraligʻidagi choʻllar oʻzlashtirilib va u yerda Gʻalla Orol sovxozi tuzilganidan soʻng tuxumini qattiq, ayniqsa chim bosgan yerlarga qoʻyadigan chigirtkasimon hasharotlar – otbosar chigirtkasi (Dociostaurus kraussi nigrogeniculatus Tarb.) va marokash chigirtka (D. taroccanus Thnb.)lari deyarli butunlay yoʻqolib ketganligini keltirish mumkin. Boʻz yerlarni haydab ekin maydonlariga aylantirilishi va sugʻorilishi natijasida Mirzachoʻl va Shimoliy Turkman kanali zonasida termitlar (Isoptera) butunlay qirilib ketdi. Yerning shudgor qilinishi simqurtlar (Elateridae) ga ham salbiy taʼsir etdi, chunki yumshoq yerlarda yirtqich vizildoq qoʻngʻiz (Carabidae)lar ularga qiron keltiradilar. Yer haydalganida keskur qoʻngʻizi (Lethrus sp. sp.)lari, malhamchi (masalan, Meloe xanthomelas Sols. qoʻngʻizining hayoti faqat qattiq va haydalmagan yerga in quradigan yakka-yakka yashovchi asalari bilan bogʻlangan) va b.q. hasharotlar siqib chiqariladi.

Ikkinchi tomondan, oʻzlashtirilgan yerlardagi (jumladan, Gʻallaorolda) gʻalla ekinlarida bugʻdoy tripsi (Haplothrips tritici Kurd.), gʻalla biti (ayniqsa Schiraphis gramina Rond. va Brachycolus poxius Mordv.), qandalalarning ayrim turlari – zararli xasva (Eurygaster integriceps Put.) va b.q., gʻallaning poya burgasi (Chaetocnema hortensis Geoffr., Ch. aridula Gyll.), galla yoʻgʻonoyoq (Harmolita rossica Rims-Kors.) pashshasi va h.k. katta miqdorda koʻpaya boshladi.

Toshkent yaqinidagi Mirzachoʻldagi yangidan oʻzlashtirililgan yerlardagi gʻoʻza ekinlariga gʻoʻza bitlari – Xerophilaphis plotnikovi Nevs., Aphis gossypil Glov. A. craccivora Koch.), bedazorlarga – xoldor bit Therioaphis trifolii Kltnb., beda qandalasi (Adelphocoris lineolatus Goeze), beda maysa filchasi (Sitona cylindricollis Fahr.) va boshqa bir qator zararkunandalar tusha boshladi.

+
Manba.

Boshqalar o'qimoqda