HAYOT FAOLIYATI HAVFSIZLIGI FANINING MAQSAD VA VAZIFALARI

HAYOT FAOLIYATI HAVFSIZLIGI FANINING MAQSAD VA VAZIFALARI

Hayot faoliyati xavfsizligi – inson hayoti, sog‘ligi hamda uning nasliga ta’sir etuvchi real xavflar aniq ehtimollik asosida bartaraf etilgan inson faoliyati holatidir.

Hayot faoliyati – insonning o‘z manfaatlarini qondirish maqsadidagi kunlik mehnat faoliyati va dam olishi, ya’ni insoniyat yashashining muhim shartidir. Inson yashash davrida o‘zining moddiy va ma’naviy manfaatlarini qondirish maqsadida yashash makonini, muhitini o‘zgartiradi. Shu sababli, “Hayot faoliyat xavfsizligi” fani inson organizmi bilan uni o‘rab turgan muhit o‘rtasidagi murakkab o‘zaro bog‘lanish va ta’sirni o‘rganadi. Ma’lumki inson o‘z faoliyatini tabiiy, maishiy, ishlab chiqarish, shahar muhiti va favqulodda holatlar sharoitida amalga oshirishi mumkin. Inson har qanday muhit sharoitida faoliyat yuritmasin inson va muhit o‘rtasida o‘zaro qarama-qarshi ta’sir yuzaga keladi. Shu sababli inson faoliyati ikki maqsadga yo‘naltirilgan bo‘ladi:

1. O‘z faoliyati davomida ma’lum samarali maqsadga, manfaatga erishish.

2. Faoliyati davrida yuzaga keladigan ko‘ngilsiz holatlarni bartaraf etish, ya’ni faoliyatni xavfsiz va zararsiz bo‘lishini ta’minlash.

Ko‘ngilsiz holatlar deganda insonning hayoti va sog‘liga zarar etishi tushuniladi. Inson faoliyati davomida uning hayoti va sog‘ligiga zarar etkazuvchi har qanday holat, vaziyat, vositalar xavflar deyiladi. Xavflar ta’sirida inson sog‘ligiga zarar etadi, hayoti xavf ostida qoladi va organizmning me’yoriy faoliyati qiyinlashadi.

Hayot faoliyati xavfsizligi – maqsadga olib boruvchi yo‘l, uslub va vositalar majmudir. U atrof-muhit va insoniyatga tahdid soluvchi xavflarning tabiatini, ularni yuzaga kelish va ta’sir etish qonuniyatlarini, xavflarni yuzaga kelishini oldini olish tadbirlarini, xavflardan himoyalanish usullari va xavf ta’sirida yuzaga kelgan salbiy oqibatlarni bartaraf etish yo‘llarini o‘rganuvchi ilmiy bilimlar sohasi hisoblanadi.

Hayot faoliyati xavfsizligi fani – inson hayotiy faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish va insonni texnosferadagi antropogen hamda tabiiy xavflardan himoyalashga qaratilgan tadbirlar majmui va vositalar tizimini o‘rganadi.

Hayot faoliyati xavfsizligi – insonni texnosfera bilan qulay va o‘zaro xavfsiz ta’sirini o‘rganuvchi fandir.

Inson uchun qulay va xavfsiz faoliyat sharoitini yaratish quyidagi vazifalarni echishni talab etadi:

1. Xavflar identifikatsiyasi, ya’ni xavf manbalari, yuzaga kelish sabablarini soniy baholash va tahlil etish.

2. Iqtisodiy samarali yo‘llar asosida xavflarni bartaraf etish yoki xavfli va zararli omillar ta’sirini bartaraf etish.

3. Xavfli va zararli omillar ta’siri oqibatlarini bartaraf etish va mavjud xavflardan himoyalash.

4. Yashash muhitining qulay (“komfort”) holatini yaratish.

Hayot faoliyati xavfsizligi sohasidagi amaliy vazifalarning asosiy yo‘nalishlari baxtsiz hodisalar sabablarini oldini olish va xavfli holatlarni yuzaga kelishini bartaraf etishdan iboratdir.

Hayot faoliyati xavfsizligi insonning hayotida sodir bo‘ladigan turli formadagi xavflarni bartaraf etish va ulardan himoyalanish yo‘llarini o‘rganishga qaratilgan nazariy fandir. U keng qamrovli ilmiy-amaliy izlanishlar va tadqiqotlar asosida rivojlanib, takomillashib boradi.

Insonning hayot faoliyati xavfsizligini ta’minlashda, ilmiy-nazariy izlanishlar asosida vujudga kelgan qonunlar, nizomlar, standartlar, ko‘rsatmalar, qoidalar va sanitar-texnik me’yorlar hamda ularni o‘rganish bo‘yicha uzluksiz ta’lim-tarbiya tizimini vujudga keltirish, uni rivojlantirish muhim o‘rin to‘tadi.

Fanining asosiy maqsadi insonning barcha ko‘rinishdagi faoliyati davrida yuzaga keladigan xavfli omillar, ularning kelib chiqish sabablari va bartaraf etish yo‘llari, faoliyat xavfsizligini ta’minlash hamda ishlab chiqarishdagi faoliyatida xavfsiz va sog‘lom ish sharoitlarini yaratish bo‘yicha nazariy bilim berish va amaliy ko‘nikmalar hosil qilish orqali bakalavrlarning ijodiy-ilmiy kasbiy kompetentlikni shakllantirish va rivojlantirishdan iboratdir.

Yuqoridagilarga mos holda bo‘lajak bakalavrlar fanni o‘rganish davomida qo‘yidagilarni nazariy jihatdan o‘zlashtirishlari lozim:

  • inson faoliyat xavfsizligini xarakterlovchi asosiy prinsiplar, uslublar va vositalar tizimi;
  • xavfsizlik tizimi, uning tahlili va optimallashtirish dasturlari. Faoliyat xavfsizligini boshqarish yo‘llari;
  • faoliyat xavfsizligining huquqiy va tashkiliy asoslari. Hayot faoliyati xavfsizligi bo‘yicha qonunlar, standartlar tizimi, nizomlar, ko‘rsatmalar, qurilish va sanitariya me’yorlari va boshqa me’yoriy hujjatlar, ularni amalda hayotga tadbiq etish;
  • ishlab chiqarishda faoliyat xavfsizligini ta’minlash, sog‘lom va xavfsiz ish sharoitlarini yaratish bo‘yicha rejali tadbirlar ishlab chiqish;
  • ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni tahlil qilish, ularni tekshirish va hujjatlashtirish tartiblari;
  • inson hayot faoliyati xavfsizligini ta’minlashning iqtisodiy samaradorligini oshirish, baxtsiz hodisalar sabablarini aniqlash uslublari;
  • xavfsiz mehnat sharoitini ta’minlashga qaratilgan shaxsiy ximoya vositalari bilan ishchi-xizmatchilarni ta’minlash tartibi va ulardan foydalanish yo‘llari;
  • sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitini yaratish bo‘yicha sanitar-gigienik tadbirlar ishlab chiqish;
  • ishlab chiqarishdagi texnika vositalaridan, mashina-mexanizmlar, qurilmalar va moslamalardan foydalanishdagi xavfsizlik qoidalari;
  • yong‘in xavfsizligi: yong‘inning kelib chiqish sabablari, uni oldini olish, yong‘inni uchirish texnika vositalariva usullari;
  • favqulodda xodisalar va tabiiy ofatlar vaqtida inson hayot faoliyati xavfsizligini ta’minlash;

 

+
Manba.

Boshqalar o'qimoqda