KAPTARNING TUZILISHI VA HAYOT KECHIRISHI

KAPTARNING TUZILISHI VA HAYOT KECHIRISHI

Gavda bo‘limlari. Kaptarning gavdasi bosh, bo‘yin, tana va oyoqlardan iborat (80-rasm). Uncha katta bo‘lmagan yumaloq boshi uzun
va juda harakatchan bo‘yin orqali tanaga tutashgan. Tumshug‘i ustida burun teshigi, boshining ikki yonida ko‘zlari, ulardan orqaroqda
quloq teshiklari joylashgan. Qushlar uchayotganida yoyilgan qanotlar
ko‘tarish yuzasini hosil qiladi (81-rasm). Qushlar oyoqlarining pastki qismiligi va barmoqlari muguz tangachali dag‘al teri bilan
qoplangan. Kaptar faqat oyog‘iga tayanib yerda yuradi.
Tana qoplag‘ichi. Qushlar terisi pat bilan qoplangan. Patlar tuzilishiga ko‘ra kontur patlar va parlarga bo‘linadi. Kontur patlar
vazifasiga binoan kontur-qoplag‘ich (tana yuzasidagi patlar), qoqish (qanotlar), boshqarish (dum), momiq patlarga ajratiladi. Pat ingichka
va qattiq o‘zakdan hamda uning ikki tomonida joylashgan keng va yumshoq yelpig‘ichdan iborat. Pat yelpig‘ichi o‘zakdan chiqib, ketma-ket ikki marta shoxlanadigan muguz o‘siqchalarning qalin to‘ridan hosil bo‘ladi. Pat o‘qining pastki yelpig‘ichsiz uchi teridagi pat
xaltasiga kirib turadi. Pat o‘zagidan chiqadigan 1-tartib o‘siqchalar o‘zaro parallel joylashgan. Har bir o‘siqchaning ikki yonida yanada
ingichkaroq 2-tartib o‘siqchalar joylashgan. Bir-birining ustiga tushib turadigan yondosh o‘siqchalar juda mayda ilgakchalar yordamida
qo‘shilib ketgan (82-rasm). Patlar yengil, egiluvchan va deyarli havo o‘tkazmaydigan bo‘ladi. Qushlar uchganida qanot va dumidagi qoqish va boshqarish patlari bir-birining ustiga cherepitsa singari tushib,
ko‘tarish yuzasini hosil qiladi.
Qoplag‘ich patlar ostida momiq patlar joylashgan. Momiq patlarning yelpig‘ichi yumshoq va g‘ovak bo‘ladi; 2-tartib o‘siqchalari
bo‘lmaydi. Bundan tashqari, suv qushlarida parlar ham bo‘ladi.
Parlarning o‘zagi juda kalta, o‘siqchalari uning uchida mo‘yqalam singari joylashgan. Parlar tanadagi issiqlikni yaxshi saqlaydi. Qushlar
tullaganida ularning eski patlari to‘kilib, o‘rniga yangi patlari hosil bo‘ladi.
Qushlar terisida bezlar rivojlanmagan; faqat suv qushlarining dumi asosida dumg‘aza bezi bo‘ladi. Qush tumshug‘i bilan bu bezdan
yog‘simon suyuqlikni siqib chiqarib, patlariga surkab turadi. Yog‘ patlarni egiluvchan va qayishqoq qiladi. Suvda suzadigan qushlarning
yog‘langan patlari suv yuqtirmaydigan bo‘ladi. Qushlarning patsiz oyoq iligi terisidagi mayda tangachalar sudralib yuruvchilar terisidagi
muguz tangachalarga o‘xshaydi. Ularning patlari, tumshug‘i, tirnoqlari ham muguzdan iborat.

+
Manba.

Boshqalar o'qimoqda