SUYAKLI BALIQLAR SINFI

SUYAKLI BALIQLAR SINFI

Suyakli baliqlar sinfini sistemaga solish ancha qiyin, shu sababli hozirgi kunga qadar bu masalada olimlar o`rtasida umumiy fikr yo`q. S.P. Naumovning “Umurtqali hayvonlar zoologiyasi” (1995) darsligida keltirilgan sistematikaga ko`ra suyakli baliqlar sinfi to`rtta kenja sinfga bo`linadi: 1. Tog`ay-suyakli baliqlar; 2. Shu’la qanotlilar; 3. Ikki xil nafas oluvchilar; 4. Panja qanotli baliqlar.

Tog`ay-suyakli baliqlar (Chondrostei) kenja sinfi o`z ichiga faqat Osyotrsimonlar (Acipenseriformes) turkumini oladi. Tashqi ko`rinishiga ko`ra osyotrsimon baliqlar akulalarga ancha o`xshab ketadi. Boshining uchida qazg`ichi (rostrumi) bor, uning tagida og`iz teshigi ko`ndalang bo`lib joylashadi. Dum suzgich qanoti geteroserkal tipda. Juft suzgich qanotlari tanaga nisbatan gorizontal joylashadi. Tangachalari o`ziga xos bo`lib, katta-katta suyak bo`rtmalaridan iborat. Bu bo`rtmalar gavdasi bo`ylab 5 qator bo`lib joylashadi.

O`q skeletining asosini biriktiruvchi to`qima pardasi bilan o`ralgan xorda hamda ustki va ostki umurtqa yoylari tashkil qiladi. Miya qutisi asosan tog`aydan tashkil topgan, lekin uning qopqog`i, bosh skeletining yoy tomonlari va tagi qoplovchi suyaklardan iborat. Ichagida spiral klapani, yuragida arterial konusi bor.

Osyotrsimonlarning turlari uncha ko`p emas, ularning hammasi shimoliy yarim sharda yashaydi. Bu turkum ikkita oilani o`z ichiga oladi.

Osyotrlar oilasiga Qora, Kaspiy dengizlarida yashaydigan rus osyotri va sevryuga, Pechora, Kalim daryolaridan to Shimoliy Muz okeani qirg`oqlarigacha uchraydigan Sibir osyotri, Amur daryosida yashovchi Amur osyotri, Uzoq Sharq belugasi va boshqalar kiradi. O`rta Osiyo daryolarida yashaydigan g`alati filbo`yinlar ham shu oilaga mansub. Kurak burunlar oilasi uzun va uchi keng rostrumi, yalang`och terisi bilan ajralib turadi. Bular Shimoliy Amrikada va Janubi-Sharqiy Osiyoda tarqalgan
Suyakli ganoidlar (Holosei) katta turkumidan hozirgi vaqtda faqat ikkita vakili kaymon baliq yoki panserli cho`rtan baliq va loyqa baliq (Amiya) saqlanib qolgan. Bu baliqlar ichaklarida ham osyotrsimon baliqlardagi singari spiral klapani, yuraklarida arterial konus saqlangan, ustki ensa suyagi yo`q. Kaymon balig`i va loyqa baliq Shimoliy Amerika suvlarida yashaydi.

Seldsimonlar (Clupeiformes) turkumiga eng primitiv suyakdor baliqlar kiradi. Bularning bosh skeletining anchagina qismi tog`aydan tuzilgan. Suzgich qanotlarining shu’lalari yumshoq va bo`g`imli bo`lishi xarakterli. Bu turkumga seld va losos oilalari kiradi.

Seldlar oilasiga 150 tacha tur baliqlari kiradi. Bular asosan dengiz va okeanlarda yashaydi, ba’zilari esa ko`payish uchun daryolarga kiradi. Seldlar dunyoda tutilayotgan baliqlarning 37 foizini tashkil qiladi. Shimoliy va Uzoq Sharqdagi dengizlarda yashovchi Shimol seldi, Kaspiy dengiz va Volga hamda Ural daryolarida yashovchi qora orqali seld, Boltiq va Qora dengizlarda yashovchi kilkalar bularning tipik vakili hisoblanadi. Lososlar orqa va dum suzgich qanotlari orasida teridan iborat skeletsiz yog` suzgich qanotlari bo`lishi bilan xarakterlanadi. Bu baliqlardan qimmatbaho go`sht va qizil ikra olinadi. Lososlar shimoliy yarim sharda tarqalgan bo`lib, dengizlarda yashaydi va ikra tashlash uchun daryolarga kiradi. Lososlarga Uzoq Sharq dengizlarida yashaydigan keta, gorbusha, nerka, ko`l va soylarda yashaydigan gulmoy baliqlari kiradi.

Karpsimon baliqlar (Cyrriniformes) turkumining aksariyat ko`pchiligi chuchuk suvlarda yashaydi. Bu turkumga karplar va laqqa baliqlar oilasi kiradi.

Karplarning og`zida tishlari bo`lmaydi, lekin orqa jabra yoylarda o`rnashgan halqum tishlari bor. Bu oilaga ko`l va daryolarda yashaydigan plotva, Kaspiy-Volga havzasida yashaydigan vobla, leshch, zog`ora baliqlar kiradi. Orol dengizi, Zarafshon, Amudaryo va Sirdaryo havzalarining daryo va ko`llarida uchraydigan mo`ylov baliq, qora baliq, moybaliq, oqcha baliq ham karpsimonlar turkumiga kiradi. Laqqalar oilasining haqiqiy tangachalari yo`q, jag`larida tishlari bor.

Cho`rtansimonlar (Esociformes) turkumi vakillari kam sonli, jag`larida o`tkir tishlari bo`lgan yirtqich baliqlar hisoblanadi. Suzgich pufagi ichagi bilan tutashgan. Oddiy cho`rtan daryo va ko`llarda, Janubiy dengizlarning sohillari yaqinida, suv o`tlari orasida yashaydi. Ular boshqa baliqlar, qushlarning jo`jasi va baqalar bilan oziqlanadi. Baliqchilikka birmuncha ziyon yetkazadi. Massasi 35 kg ga, uzunligi esa 1,5 m ga yetadi.

Olabug`asimonlar, ya’ni tikan nurlilar (Acanthopterygii) turkumiga kiruvchi baliqlar suzgich nurlarining bir qismi o`zaro ajralmagan tikanchalarni hosil qiladi. Qorin suzgichlari ko`krak suzgichlari ostida yoki ulardan oldinroqda joylashgan. Olabug`asimonlar turkumiga 6500 dan ortiq tur kiradi. Ular barcha suv havzalarida tarqalgan. Olabug`asimon baliqlarga okunsimonlar, yershlar, skumbriyalar, tuneslar, buqacha baliqlar misol bo`ladi. Qora va Kaspiy dengizlarida, Amudaryoning quyi oqimida uchraydigan sudak (oq sla) katta sanoat ahamiyatiga ega. Sudaklarning uzunligi 130 sm, vazni 12 kg gacha boradi. Daryo va ko`llarda hayot kechiradigan olabug`a (okun)ning uzunligi 50 sm, og`irligi 1 kg gacha va undan ko`proq bo`ladi. Olabug`a baliqlardan ilonbosh va oq amur Uzoq Sharq daryolaridan keltirilib, respublikamiz suv havzalarida iqlimlashtirilgan.

Skumbriyalar (Scombridae), tuneslar (Thunoidae) va buqacha baliqlar (Gobiidae) dengizlarda hayot kechiradi, faqat buqacha baliqlarning ayrim turlari chuchuk suvlarda yashaydi. Tunes va skumbriyalar ko`plab ovlanadi.

Treskasimonlar (Gadiformes) turkumining ko`p turlari dengizlarda, ayniqsa, daryolarning dengizga quyiladigan joylarida (navaga, sayka, qutb treskasi) tarqalgan, suv tubida hayot kechiradi. Boltiq, Barens, Oq dengizda va Uzoq Sharqda Shimoliy dengizda treska (Gadus morhua) yashaydi. Treska juda serpusht bo`lib, 2,5-10 mln gacha tuxum qo`yadi. Treskasimonlar turkumi vakillarining hamma suzgich qanotlari yumshoq va bo`g`imlarga bo`lingan shu’lalari bo`lishi, qorin suzgich qanotlari ko`krak suzgich qanotlaridan oldinda joylashganligi bilan xarakterlanadi. Shimoliy dengizlarda tral yordamida ovlanadigan baliqlardan piksha, sayda, sayka; Shimoliy va Uzoq Sharq dengizlaridan ovlanadigan navaga ham katta ahamiyatga ega. Treska faqat go`shti uchun emas, balki baliq moyi deb ataladigan, ya’ni vitaminga boy bo`lgan jigar moyi uchun ham ovlanadi.

Kambalasimonlar (Pleuronectiformes) turkumi vakillarining tanasi yon tomondan kuchli yassilashan, ko`zlari boshining bir yonida joylashgan. Suzgich pufagi bo`lmaydi. U suv tubida hayot kechiradi, yon tomoni bilan suzadi. Qorin tomoni oq, orqa tomoni qoramtir bo`ladi. Kambalaning tuxumdan chiqqan lichinkalari dastlab suv yuzasida suzib yuradi, keyinchalik suv tubida yashashga o`tishi bilan tanasi yon tomondan yassilashib, ko`zlari boshining bir yoniga ko`chadi. Kambalalarning bir necha o`n turi ma’lum. Orol va Kaspiy dengizlaridan tashqari hamma dengizlarda uchraydi. Ular juda serpusht bo`lib, sohil yaqiniga bir necha mingtagacha tuxum qo`yadi. Suv tubidagi har xil umurtqasizlar bilan oziqlanadi. Kambalalar tral yordamida ovlanadi.

Ikki xil nafas oluvchilar (Dipnoi) kenja sinfi. Ikki xil nafas oluvchilar bir qancha sodda tuzilish belgilariga ega bo`lishi bilan boshqa suyakli baliqlardan farq qiladi. Xususan, skeletining xordadan iboratligi, umurtqalari tanasining deyarli rivojlanmaganligi, arterial konusi va ichagida spiral klapanining bo`lishi ularni tog`ayli baliqlarga yanada yaqinlashtiradi. Shu bilan birga, juft suzgichlari skeleti, jabralar qopqog`i, miya qutisi skeletlarining suyakdan iboratligi, suzgich pufagi borligi ular suyakli baliqlarga yaqinligini ko`rsatadi.

Ikki xil nafas oluvchilar skeletining ko`p qismi tog`aydan iborat, lekin xorda ham umr bo`yi saqlanib qoladi. Umurtqalarning faqat ustki va ostki yoylari rivojlangan. Miya qutisi asosan tog`aydan iborat, faqat ayrim joylarda suyak saqlanib qoladi.

Shuning bilan birga ikki xil nafas oluvchilarda tanglay-kvadrat tog`ayi miya qutisiga bemalol qo`shilib ketgan. Jabradan tashqari o`pka ham nafas olishda qatnashadi. Buning uchun ichakning ostida joylashgan bitta yoki ikkita pufakcha xizmat qiladi.

+
Manba.

Boshqalar o'qimoqda