TOG’AYLI BALIQLAR SINFI

TOG'AYLI BALIQLAR SINFIЭтот файл можно использовать бесплатно

TOG’AYLI BALIQLAR SINFI

TOG’AYLI BALIQLAR SINFI vakillari asosan dengiz va okeanlarda yashaydi. Tog`ayli baliqlarning tuzilishi ko`ppak akula misolida berilgan (25-rasm). Uning bo`yi 1 m ga boradi. Gavdasi uzunchoq. Boshining uchida qazg`ichi bor. Boshining yon tomonlarida 5 juftdan jabra yoriqlari joylashgan. Ko`zlarining orqasida ikkita halqumga ochiladigan sachratqichlari bo`ladi. Gavdaning ostki tomonida dumning oldida kloaka bor. Dum suzgich qanoti teng pallali bo`lmaydi, ya’ni ustki pallasi pastkisiga nisbatan katta bo`ladi. Bunday dum suzgich qanoti geteroserkal dum deyiladi. Gavdaning oldingi yon tomoniga gorizontal joylashgan juft ko’krak suzgich qanoti, orqa qismining qorin tomonida esa juft qorin suzgich qanoti joylashgan.

25 – rasm. Akulaning tashqi va ichki tuzilishi. A – tashqi tuzilishi:
1 – tumshug’i (rostrumi), 2 – ko’zi, 3 – sachratg’ichi, 4 – og’iz teshigi, 5 – burun teshigi, 6 – jabra yoriqlari, 7 – yon chiziq organi teshiklari, 8 – kloakasi,
9 – ko’krak suzgich qanoti, 10 – qorin suzgich qanoti, 11 – orqa suzgich qanoti,
12 – dum suzgich qanoti; B – ichki tuzilishi: 1 – burun teshigi, 2 – og’iz teshigi,
3 – jabralari, 4 – tashqi jabra teshiklari, 5 – venoz qo’ltig’i, 6 – yurak oldi bo’lmasi, 7 – yurak qorinchasi, 8 – arterial konusi, 9 – qorin aortasi, 10- olib keluvchi jabra arteriyasi, 11 – oshqozonning kardial qismi, 12 – oshqozonning pilorik qismi, 13 – ingichka ichak, 14 – ichi yorilgan spiral klapanli yo’g’on ichagi, 15 – to’g’ri ichak, 16 – rektal bezi, 17 – kloakasi, 18 -jigari, 19 – o’t pufagi,
20 – o’t yo’li, 21 – oshqozon osti bezi, 22 – talog’i, 23 – buyragi, 24 – urug’ yo’li, 25 – qorin juft suzgich qanotining kopulyativ o’simtasi, 26 – qalqonsimon bez,
27 – urug’don.

Erkaklarining qorin suzgich qanotining bir qismi o`zgarib, kopulyativ organga aylangan. Orqasining keyingi tomonida ikkita toq orqa suzgich qanoti joylashgan. Qorin suzgich qanotining orqa tomonida toq orqa chiqaruv suzgich qanoti bo`ladi. Og`iz teshigi boshning ostki tomonida ko`ndalang joylashadi. Og`zining ustki tomonida bir juft burun teshigi bor.

Epidermisi ko`p qavatli bo`lib, bir hujayrali bezlarga boy, chin teri tolali biriktiruvchi to`qimadan tuzilgan. Terisi plakoid tangacha bilan qoplangan. Bu tangacha plastinka shaklida chin terida joylashgan. Tangacha suyakka yaqin dentin degan moddadan tuzilgan, konusi esa maxsus emal modda bilan qoplangan. Plakoid tangachalar jag`ga o`tar ekan, chin tishlarga aylanadi. Bosh bilan tananing ikki yon tomonida yon chiziq sezgi organi bor.

Skeleti faqat tog`aydan iborat bo`lib, quyidagi bo`limlarga ajratiladi: 1. O`q skeleti; 2. Bosh skeleti; 3. Juft suzgich qanotlar skeleti; 4. Toq suzgich qanotlar skeleti. O`q skeleti bir nechta umurtqalarning o`zaro qo`shilishidan hosil bo`lgan umurtqa pog`onasidan iborat. Umurtqalarning tanasi ikki tomonlama botiq amfisel tipda bo`ladi. Umurtqalarning ichida va umurtqalar orasidagi bo`shliqda xorda joylashadi. Gavdaning tana bo`limidagi umurtqalarning yon tomonlariga qobirg`alar birlashadi. Qobirg`alar tanani ustki va yon tomonlaridan qoplab turadi.

Bosh skeleti 2 bo`limdan: miya qutisi va visseral skeletidan tashkil topgan. Miya qutisi eshitish, ko`rish va hidlash organlari, tog`ay kapsulalari hamda qazg`ich burun skeletlaridan tashkil topgan bo`lib, bu kapsulalar bosh miyani hamma tomondan himoya qilib turadi. Visseral skelet jabra yoyi, til osti yoyi, va jag` yoylaridan tuzilgan.

Juft suzgichlari skeleti suzgich va erkin kamar suzgichlari skeletidan tashkil topgan. Ko`krak suzgichlari kamari yoki yelka kamari akula gavdasini ikki yonidan va pastki tomonidan o`rab oladigan yaxlit tog`ay yoyidan iborat. Yoyning o`rtasida birikish yuzasi bo`lib, unga erkin suzgich skeleti birikadi.

Ko`krak suzgichlari erkin skeleti 3 bo`limdan iborat. Ko`krak suzgichlari kamariga tegib turgan qismi uchta tog`ay bazaliyalardan, bazaliyalarga birikkan tayoqchasimon radialiyalardan va bularga birikkan uzun elastik iplardan tashkil topgan. Qorin suzgichlari kamar skeleti yoki chanoq kamari tayoqchasimon tog`aydan iborat. Qorin suzgichlari erkin skeletidan faqat bitta bazaliya bo`ladi. Bazaliyaning tashqi chetiga radialiyalar birikadi.

Bosh miyasi nisbatan katta. Nerv moddasi oldingi miya yarim sharlarining tagida, yon tomonlarida va, hatto, qopqog`ida ham bo`ladi. O`rta miya yaxshi rivojlanmagan, miyachasi yirik. Juft ko`zlari tipik tuzilgan, shox pardasi yassi, ko`z gavhari sharsimon bo`lib, ustki va pastki qovoqlari yo`q. Eshitish organi uchta yarim naysimon kanaldan tuzilgan ichki quloqdan iborat. Yon chiziq organlari teri ostiga o`rnashib, yon chiziq kanalini hosil qiladi. Hid bilish xaltachalari juft bo`lib, ichki uchi berk bo`ladi.

Hazm qilish organlari og`iz bo`shlig`iga olib kiradigan og`iz teshigidan boshlanadi. Jag`larda plakoid tangachalarning o`zgarishidan hosil bo`lgan konussimon tishlar joylashgan. Og`iz bo`shlig`i halqumga ochiladi. Halqumning ikki yon tomonida jabra yoriqlari joylashgan. Halqumga yana sachratqich ham ochiladi. Halqum qizilo`ngachga, qizilo`ngach esa oshqozonga ochiladi. Oshqozon ingichka ichakka ochiladi, shu joyda oshqozon osti bezi joylashgan. Yo`g`on ichakning diametri ancha keng va ichida spiral klapani bor. U ichakning so`rish yuzasini kengaytirish uchun xizmat qiladi. Yo`g`on ichak kloakaga ochiladi. Tana bo`shlig`ida taloq joylashgan.

Jabralar nafas organlari bo`lib xizmat qiladi. Har bir jabra yorig`i bir uchi bilan halqumga, ikkinchi uchi bilan tashqariga ochiladi. Jabra teshiklari bir-biridan keng jabralararo to`siq bilan ajralgan va bu yerda jabra yoylari joylashadi. Jabra yoriqlarining oldingi va keyingi devorlarida jabra yaproqlari boshqa baliqlardagi singari ektoderma hisobidan rivojlanadi.

Akulaning yuragi vena sinusi, yurak bo`lmasi va qorinchasi, arterial konusdan iborat. Arterial konus yurak singari ko`ndalang targ`il muskuldan tuzilgan. Konusdan qorin aortasi boshlanadi. Qorin aortasining chap va o`ng tomonidan 5 juft jabraga olib keluvchi arteriyalar chiqadi va qon jabrada kislorod bilan to`yinib, arteriya qoniga aylanadi. Arteriya qoni jabradan olib ketuvchi arteriyalarga yig`iladi. Jabradan olib ketuvchi arteriyalar juft aorta ildizlariga quyiladi. Aorta ildizlari keyingi tomonda o`zaro qo`shilib, gavdaning qolgan barcha qismini arterial qon bilan ta’minlaydigan toq orqa aortani hosil qiladi.

Venoz sistemasi toq dum venasidan boshlanadi. Bu vena bir juft keyingi kardinal venalarga bo`linib, buyraklarga kiradi va bir qancha kapillyarlarga bo`linib, buyrak qopqa sistemasini hosil qiladi. Buyraklardan yana bir juft kardinal vena chiqib, keyingi kardinal venalarga yig`iladi. Gavdaning bosh qismidan venoz qon bir juft oldingi kardinal venalarga to`planadi. Oldingi va keyingi kardinal venalar yurak oldida o`zaro qo`shilib, Kyuve kanalini hosil qiladi va u vena sinusiga ochiladi. Qorin va ichaklardan qon ichak osti venasi bilan jigarga kiradi va kapillyarlarga tarmoqlanib, jigar qopqa sistemasini hosil qiladi, u yerdan jigar venasi chiqib, vena sinusiga quyiladi.

Ayirish organi bo`lib tana buyragi mezonefros xizmat qiladi. Chiqaruv yo`llari vazifasini Volf kanallari bajaradi va kloakaga ochiladi. Urg`ochisining tuxumdoni tuxum yo`li bilan qo`shilmagan. Tuxum yo`li kloakaga ochiladi. Urg`ochilarining jinsiy va ajratish yo`llari bir-biri bilan qo`shilmagan. Juft urug`donining kanallari buyrakning oldingi bo`limi bilan qo`shilgan. Urug`don kanallari buyrak orqali o`tib, Volf kanallariga quyiladi. Shunday qilib, erkaklarida Volf kanallari ham siydik yo`li, ham urug` yo`li vazifasini bajaradi. Volf kanallari ham kloakaga ochiladi. Ayrim jinsli, urug`lanish ichki. Ayrim turlari tirik tug`adi.

Tog`ayli baliqlar sinfi sistematikasi

Tog`ayli baliqlar sinfiga 650 dan ortiq tur kiradi va ular ikkita kenja sinfga bo`linadi: 1. Plastinka jabralilar (Elasmobranchii) kenja sinfi; 2. Yaxlit boshlilar (Holocephalia) kenja sinfi. Plastinka jabralilar kenja sinfi o`z navbatida ikkita turkumni, ya’ni Akulalar va Skatlarni o`z ichiga oladi. Bular suvda yaxshi suzadi va yirtqichlik bilan hayot kechiradi. Bo`yi 5 m gacha boradigan Atlantika va Tinch okeanlarda yashaydigan ko`k akulani, 15-20 m gacha boradigan kitsimon va gigant akulalarni, Qora dengizda yashaydigan 1 m gacha boradigan tikanli akulalarni ularning vakili sifatida olish mumkin.

+
Manba.

Boshqalar o'qimoqda