YUMSHOQ TANLILAR YOKI MOLLYUSKALAR HAMDA IGNATANLILAR TIPI

Yumshoq tanlilar yoki mollyuskalar tipiga 150 ming turga yaqin umurtqasizlar mansub bo’lib, ularning aksariyati dengiz va okeanlarda hamda chuchuk suvlarda hayot kechiradi. Ayrim guruhlari esa quruqlikda yashashga moslashgan.

Mollyuskalarning ko’pchiligi bilateral (ikki yonlama) simmetriyali va uch qavatli hayvonlardir, lekin anchagina turlarida bilateral simmetriya buzilib, asimmetrik tuzilish belgisi shakllangan. Tanasi bo’g’imlarga bo’linmagan. Tana aksariyat vakillarida uch bo’limdan, ya’ni bosh, gavda va oyoqdan iborat. Ayrim guruhlarida bosh reduksiyalangan va shunga binoan tana ikki bo’lim-gavda va oyoqdan iborat bo’ladi. Mollyuskalar halqali chuvalchanglar singari ikkilamchi gavda bo’shliqli hayvonlardir. Lekin ushbu bo’shliq faqat yurak atrofi haltasi va jinsiy bezlari bo’shlig’idan iborat. Boshqa ichki organlarining oralig’idagi barcha bo’shliqlar biriktiruvchi to’qima (parenxima) bilan to’lgan.

Mollyuskalarda tananing yelka tomonida sirtdan teri qoplami mavjud. U mantiya deyiladi. Mantiya bilan gavda oralig’ida bo’shliq hosil bo’lgan. U mantiya bo’shlig’idir. Ushbu bo’shliqda jabralar va ayrim sezgi organlari joylashgan. Bu bo’shliqqa shuningdek, ajratish, orqa chiqaruv va jinsiy bezlarning teshigi ham ochiladi. Mantiyadan chig’anoq ham hosil bo’ladi. U himoya qalqoni hisoblanib, ko’pchiligida yaxlit, ayrimlarida bir necha mayda plastinkalardan, ayrim guruhlarida esa ikki palladan iborat. Chig’anoq tarkibi ohakdan va konxiolin deb ataluvchi organik moddadan iborat.

Qon aylanish sistemasi ochiq. Uning markazida yurak joylashgan bo’lib, u bitta qorincha va bitta (ba’zan ko’proq) bo’lmadan iborat. Qon tomirlar bo’ylab harakatlanishi bilan birga lakunalar va sinuslar orqali ham oqib o’tadi.

Mollyuskalarning nafas olish organlari jabralardan, ayrimlarida o’pkalardan iborat.

Ajratish organlari metanefridiylarga o’xshash tuzilgan bir juft naysimon bo’yrakdan iborat. Bo’yrak yurakoldi xaltasidan boshlanib, chiqarish sifoni deb ataluvchi teshik bilan mantiya bo’shlig’iga ochiladi.

Nerv sistemasi gavdada tarqoq holda joylashgan nerv tugunlaridan iborat. Tuban taraqqiy etgan guruhlarida nerv sistemasi halqum oldi nerv halqasidan va undan boshlanuvchi to’rtta bo’ylama nerv tolalaridan iborat. Mollyuskalarning aksariyati ayrim jinsli. Urug’lanish tashqi (suvda), ayrimlarida ichki. Dengizda yashovchi mollyuskalarning lichinkalari troxofora, ayrimlarida troxoforaga o’xshash, lekin yelkanchaga ega. Bunday lichinka veliger deyiladi.

Mollyuskalar tipi ikkita kenja tip (yonbosh nervlilar va chig’anoqlilar)ga bo’linadi. Yonbosh nervlilar bitta (qalqondorlar yoki xitonlar) sinfdan iborat bo’lsa, chig’anoqlilar monoplakoforalar, qorinoyoqlilar, kurakoyoqlilar, plastinkajabralilar yoki ikki pallalilar va boshoyoqlilar sinflaridan iborat.

+
Manba.

Boshqalar o'qimoqda